Hajr aro ishrat ayogʻin bormu noʻsh aylar chogʻim
Hajr aro ishrat ayogʻin bormu noʻsh aylar chogʻim,
Sensizni yurub ayoq ichkuncha sinsun oyogʻim!
Ishq bemorimenu sen husnunga magʻruru mast,
Men nechun bormay oʻzumdinkim, dame yoʻqtur sogʻim.
Dogʻlar qoʻydum diramlar kibi koʻksumni yorib,
Ne osigʻkim, yorgʻa tushmas qabul ul yormogʻim.
Dast bermas vaslu kelmas yor-u rahm etmas, ne sud?
Bormogʻim boʻgʻzumgʻa eltib, bormogʻim yolbormogʻim.
Istaram, ey ishq, mendin qolmagʻay nomu nishon,
Tufroq et jismimni, dogʻi elga bergil tufrogʻim!
Koʻzlarimdin borgʻali yoshim tanim boʻldi nizor,
Bilmadim, ul yosh ekandur, Boburo, mening yogʻim.